В учебном центре “Тадбиркорлар мактаби” начались курсы повышения квалификации

  Тадбиркорлар мактаби   Joriy yilning 1-fevralidan boshlab, “O‘zsanoatqurilishbank” hamda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi hamkorligida, “O‘zqurilishmaterialLITI” MChJ ilmiy-tadqiqot va injiniring markazi huzurida tashkil etilgan “Tadbirkorlar maktabi” o‘quv markazida qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida o‘z biznesini boshlash niyatidagi tadbirkorlar, tarmoq korxona va tashkilotlar xodimlari, shuningdek, keng jamoatchilik vakillari uchun o‘quvlar boshlandi. Prezident tomonidan 2021-yil 9-iyunda qabul qilingan “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonda, mamlakatimiz qurilish industriyasini rivojlantirishda barcha imkoniyatlardan to‘liq foydalanish borasida qator vazifalar belgilab berilgan. Unga ko‘ra, shu kunga qadar “O‘zsanoatqurilishbank” tomonidan qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, bank va “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi hamkorligida “Tadbirkorlar maktabi” o‘quv markazi tashkil etilib, u ilg‘or ta’lim vositalari hamda tegishli adabiyotlar fondi bilan ta’minlandi. Tadbirkorlik subyektlari va manfaatdor aholi vakillarini qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida biznesni zamonaviy asosda tashkil qilishga o‘qitish hamda ularga yanada keng imkoniyatlar yaratish maqsadida ish boshlagan mazkur markazda, ilk mavsum ishtirokchilari maxsus savolnoma asosida saralab olindi. Hozirda ushbu 20 nafar tinglovchi uchun mashg‘ulotlar zamonaviy o‘quv dasturlari va yangi ta’lim metodlari asosida, 4 ta modulga ajratilgan holda olib borilmoqda. Bu borada o‘ndan ziyod oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tadqiqot institutlari bilan o‘zaro hamkorlik o‘rnatilgan bo‘lib, jami 72 soatga mo‘ljallangan kurslar chuqur malaka va ko‘nikmaga ega fan nomzodlari, fan doktorlari hamda professorlar tomonidan olib borilmoqda. Shuningdek, Turkiya (Maltepe university) va Germaniya (Passive House Institute) davlatlarida yaratilgan innovatsion texnologiyalarning O‘zbekistonga transferini doimiy ravishda tashkil etish orqali tinglovchilar bilim va ko‘nikmasi xalqaro mezonlar asosida ham boyitilmoqda. “O‘quv markazi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi natijasida, qurilish materiallari ishlab chiqarishda tashabbuskor tadbirkorlarning sohadagi malaka darajasi muntazam oshirib boriladi. Ilg‘or arxitektura va dizaynerlik tamoyillariga asoslangan ‘kelajak materiallari’ nomenklaturasi kengaytirilib, ishlab chiqarishda xalqaro standartlar keng joriy etiladi”, — deydi “O‘zqurilishmaterialLITI” MChJ ilmiy-tadqiqot va injiniring markazi direktori o‘rinbosari Adham Quvondiqov. Shuningdek, markaz bo‘lajak tadbirkorlarning moliya, soliq, marketing va huquqiy savodxonligini oshirishga, ilg‘or va zamonaviy texnologiyalar, ishlanmalar, bilimlar va ilm-fan yutuqlaridan foydalangan holda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi yangi tadbirkorlarni kashf etishga xizmat qiladi. Qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalarida “yashil iqtisodiyot”ni joriy etishga ko‘maklashadi. Markazda o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikat taqdim etiladi. Qayd etib o‘tamiz, ayni paytda 2-mavsum uchun talabgor tinglovchilar ro‘yxati shakllantirilmoqda. O‘quv kurslari mutlaqo bepul. Manzil: Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Tafakkur 68a “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi binosi Murojaat uchun telefonlar: +99894 576 69 00, +99833 576 95 95, +99897 727 87 84 Elektron pochta: info@uzqmliti.uzq.m.liti2017@mail.ru